Ekologiya qo‘mitasi 9 oyda 648 ta subyektda, poytaxtning o‘zida esa 60 ta korxonada ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazdi. Natijada atrof-muhitni ifloslantirgan korxonalardan 49,5 mlrd (Toshkentda — 15,5 mlrd) so‘mdan ortiq kompensatsiya undirildi. Sud qarori bilan 15 ta korxona faoliyati to‘xtatildi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov payshanba kuni Toshkentning Yunusobod tumanidagi daraxtlar tagi bilan betonlab tashlangan holatni o‘rgandi. Natijada Ekologiya qo‘mitasi, Ekopatrul va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida mazkur hududda 24 soat nazorat o‘rnatilishi belgilandi.
Bunyod Abdullayev oradan qariyb 1 yil o‘tib, Ekologiya davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari lavozimiga qayta tayinlandi. U 2021-yilning fevralida ishdan bo‘shatilgandi.
Andijon shahar perinatal markazi hududida qimmatbaho daraxt navlari ro‘yxatiga kiritilgan 12 tup Eldor qarag‘aylari noqonuniy ravishda kesilgan. Davlat ekologiya qo‘mitasi buning natijasida o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan deb baholab, hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilishini ma’lum qildi.
Ekologiya qo‘mitasi Maqom markazi qurilishi uchun ajratilgan hududda reyd o‘tkazdi. Devor bilan o‘rab qo‘yilgan hududda 60 ga yaqin daraxtlarning qurigani, quruvchilar qo‘y va tovuq boqayotgani aniqlandi. Devorlar olib tashlanib, hudud chiqindilardan tozalandi.
Ekologiya qo‘mitasi fuqarolardan har bir hududda «yashil maydonlar» va jamoat parklarini tashkil etish, iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda ko‘chatlar ekish bo‘yicha takliflarini yuborishlarini so‘radi.
Poytaxtda 2 avgustdan 7 avgustgacha «Shahrimiz daraxtlarini birgalikda asraylik!» shiori ostida daraxtlarni sug‘orish aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Ekologiya qo‘mitasi raisining ruxsati bilan “Qizil kitob"ga kiritilgan Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i rossiyalik ovchi tomonidan o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya qo‘mitasi ruxsatnoma berish jarayoni qonunchilikka to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilganligini ta’kidlamoqda.
Samarqand viloyatida uch oyda 1477 ta holatda ekologiyaga oid qonun hujjatlari talablarini buzish holati aniqlandi. Bu bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan tegishli bayonnomalar tuzilib, 748,4 mln so‘m jarima va 279,9 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Ekologiya davlat qo‘mitasi ishdan bo‘shagan sobiq matbuot kotibi Bunyod Abdullayev bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, uning «vajlari haqiqatga mos kelmasligini» aytmoqda. Qo‘mita Abdullayevga bosim o‘tkazilgani hujjatli asosga ega emasligini ta’kidlagan. Bayonotda sobiq matbuot kotibining yig‘ilishdan chiqib ketganligi «qonun buzilishi» deb hisoblanishi qayd etilgan.
Ekologiya qo‘mitasida bir necha hodim lavozimidan ozod qilindi, ular orasida bosim o‘tkazilgani haqida ma’lum qilgan matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev ham bor. Qo‘mitaning o‘zi va AOKA rasman ushbu holatga izoh bermadi.
11 oyda poytaxtda daraxtlarni kesish bilan bog‘liq 307 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Shundan 297 tasi ma’muriy huquqbuzarlik, 9 tasi esa jinoiy javobgarlik bilan bog‘liq. «Bundan keyin daraxtlarni kesishga ekologiya inspektorlari ishtirokisiz yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Nodir Yunusov.
Ekologiya qo‘mitasi Toshkentdagi «Turkiston» saroyi atrofida maxsus belgi qo‘yib chiqilgan daraxtlar imkon qadar kesilmasligini ma’lum qildi.
Davlat ekologiya qo‘mitasining xabar berishicha, Toshkentning Gagarin ko‘chasida oltita daraxt qonuniy ravishda kesilgan, chunki ular qurib, kasallangan deb topilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan chinor noqonuniy ravishda kesilgan, buning zarari esa 43 mln so‘mga teng.
Chirchiq daryosida, shuningdek, Yangiyol va Zangiota tumanlarida COVID shifoxonalariga tegishli chiqindilar topilgan. Bu hukumat bayonnomasiga muvofiq, tibbiy chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniya ishi to‘xtatilganidan bir necha hafta o‘tib sodir bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa mazkur ma’lumotlarni rad etib, shifoxonalar hududidan chiqindilar chiqmaganini aytmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting